Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda uning institutlarida yigitlik burchini oʻtashga kirishgan muddatli harbiy xizmatchilar yurtimizni koʻz qorachigʻidek asrashni, uni himoya qilishni ahd qilib, Vatanga qasamyod qilishdi. Vatanga qasamyod yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishdek muqaddas burchni ado etishga bel bogʻlagan har bir yigitning tantanali vaʼdasi sanaladi. Shuningdek, bu qasamyod Vatan himoyasi yoʻlidagi masʼuliyatli va sharafli vazifani oʻzida mujassam etgan huquqiy hujjat boʻlib, Qurolli Kuchlar safiga kirgan yosh harbiy xizmatchining hayotidagi unutilmas kun.



Yosh askarlar qasamyodda bitilgan muqaddas soʻzlarni tilga olib, Oʻzbekiston xalqiga va Prezidentiga sadoqatli boʻlishga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini soʻzsiz va vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga tantanali ravishda vaʼda berdilar.
Tadbirda har bir yosh muddatli harbiy xizmatchilarga Prezident sovgʻasi, kitoblar jamlanmasi tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini, yurt mudofaasi va xavfsizligini saqlashdek sharafli va masʼuliyatli vazifaga otlanayotgan oʻgʻlonlarimizga omad tiladi.
Marosimlar davomida oʻz farzandlarining yigitlik burchini ado etishga kirishganini koʻrgan ota-onalar qalblari faxr-iftixorga toʻldi.
