Oliy umumqo'shin qo'mondonlik bilim yurti (1945-1991-yillar)
Urushdan keyingi davrda ofitserlarni tayyorlashga talab ortib bordi. Harbiy fan va texnika jadal rivojlandi. Yangi kurash vositalari bo‘lgan ommaviy qirg‘in qurollari paydo bo‘ldi. Qo‘shinlarning jangovor shayligi yanada kuchayib, tezkorligi va harakatchanligi sezilarli darajada oshdi. Ikkinchi jahon urushi tajribasi, harbiy fan-texnikaning rivojlanishi inobatga olinib, qo‘shinlarni tashkil etish va jangovar tayyorgarligi takomillashtirildi. 1955-yildan boshlab bilim yurtida murakkab darslar o‘tkazila boshlandi. Ularda birlashgan qurol taktikasining turli mavzulari boshqa fanlar – artilleriya, topografiya, muhandislik va kimyoviy moddalarga qarshi tayyorgarlik bilan birgalikda ishlab chiqildi.
1957–yilning boshida bilim yurtida harbiy ilmiy jamiyatning bo‘limi tashkil etildi. Jamiyat a’zolari o‘tgan urush tajribalarini umumlashtirish, harbiy ilm-fanning so‘ngi yutuqlarini o‘rganish va ommalashtirish, harbiy-nazariy konferensiyalarni o‘tkazish bilan shug‘ullandilar.
1958–yilda bilim yurti oliygohga aylantirilib, oliy o’quv yurtiga tenglashtirildi. Bilim yurtida o‘qish muddati to‘rt yil bo‘ldi. Yangi o‘quv dasturi tarkibiga harbiy fanlar bilan bir qatorda oliy matematika va nazariy mexanika, fizika, kimyo va boshqa fanlar kiritildi. Ijtimoiy fanlarga ham ko‘proq e’tibor berila boshlandi. 1966-1967-yillarda o‘quv markazi hududidan tashqarida, bir necha kun mobaynida tog‘ yoki sahro sharoitida amaliy darslar o‘tkazish ishlari amalga oshirildi. Ko‘pincha bu kabi mashg‘ulotlardan keyin kursantlar o‘quv markaziga, ya‘ni ortga qaytishlari davomida taktika fanidan o‘quv savollarigni o‘zlashtirganlari holda 30 kilometr piyoda yurishlari lozim edi. 60-yillardan boshlab kursantlarning tunda o‘q otish (merganlik) mahoratlarini oshirishga katta e‘tibor qaratildi.
1965-1966-yillar davomida qo‘shinlar zirhli transportyorlar bilan qurollantirildi. Shu sababli o‘quv dasturi o‘zgartirilib, kursantlarning texnik tayyorgarligiga ko‘proq vaqt ajratila boshlandi. Shunga ko‘ra ta’lim maqsadi ham o‘zgardi: endi kursantlar qo‘shinlarning moddiy ta’minoti fanini hamda zirhli transportyorlar va o‘rta vaznli tanklardan foydalanish qoidalarini nazariy jihatdan, ularga texnik yordam ko‘rsatishni, shuningdek, tanklarni o‘nqir-cho‘nqir joylarda haydashni esa amaliy jihatdan o‘rganadigan bo‘ldilar. 1967-yildan boshlab bilim yurtida tahsil olayotgan bo‘lajak komandirlar yangi texnikani, ya’ni piyodalar jangovar mashinasi (PJM), dushmanga qarshi qo‘llaniladigan zamonaviy otish, raketa va zenit qurollarini o‘rganish bo‘yicha bilimlarni o‘zlashtira boshladilar. Bilim yurtini 1972-yilda bitirgan yosh ofitserlar harbiy ta’lim bilan bir qatorda zirhli va avtotraktor texnikasini qo‘llash bo‘yicha muhandis mutaxassisligi diplomini oldilar. 1974-1977-yillar davomida tankodrom to‘liq qayta jihozlanib, jangovar mashinalar va avtomobil texnikalarini yo‘l harakati qoidasi bo‘yicha haydash bo‘yicha trenajyor sinflar tashkil etildi.
1959-yilda bilim yurti hududida barcha avlod bitiruvchilarining qahramonliklari sharafiga Obelisk yodgorligi o’rnatildi va 1960-yil 8-mayda tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi
1979-yil dekabr oyidan 1989-yil fevral oyiga qadar Toshkent OUQBYUning minglab bitiruvchilari sovet qo’shinlarining Afg’onistondagi cheklangan kontingenti tarkibida o’z xizmat burchlarini ado etdilar, ularning ko’pchiligi davlatning jangovar mukofotlari bilan taqdirlandilar. Biroq, g’alaba yo’qotishlarsiz bo’lmaydi deganlaridek, bilim yurtining 66 nafar bitiruvchisi ushbu qonli urushda so’nmas shon-shuhrat, jasorat ko’rsatgan holda qahramonlarcha halok bo’ldi.
XX asrning 80- va 90- yillari davomida ta’lim olgan kursantlarning asosiy shiori: «Urushda nima zarurligini bilib olish» bo‘ldi. Bunga sovet qo’shinlarining Afg’onistonda jangovar harakatlarni olib borishda orttirgan tajribalari ham katta yordam berdi. Bu o’quv jarayonini asl va yaqqol jangovar sharoitlarga eng yuqori darajada yaqinlashtirish, bilim yurti shaxsiy tarkibini tegishli bilim va ko’nikmalar bilan ta’minlash usullarini izlash, talabchanlikni susayishini va soddalashuvini keskin oldini olish imkonini beradi.
Previous
Next