Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Serjantlar tayyorlash oliy maktabida buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.


Mazkur tadbir Amir Temur nomidagi tematik o‘quv xonasida o‘tkazilib, unda oliy maktab kursantlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyati, boy tarixiy merosi, davlat boshqaruvi sohasidagi ilg‘or qarashlari, yuksak sarkardalik salohiyati hamda harbiy san’at rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, Amir Temur tomonidan barpo etilgan markazlashgan davlat tizimi, qo‘shin boshqaruvi, harbiy strategiya va taktika borasidagi yondashuvlari, shuningdek, amalga oshirgan harbiy yurishlarining tarixiy ahamiyati alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Tadbirda Amir Temur davlatchilik maktabining bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotgan jihatlari xususida ham atroflicha so‘z yuritildi. Xususan, adolatli boshqaruv, qat’iy intizom, yuksak mas’uliyat, jasorat va vatanparvarlik kabi tamoyillar harbiy ta’lim-tarbiya jarayonida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilarga buyuk ajdodimiz qoldirgan boy ma’naviy va tarixiy merosning zamonaviy harbiy ta’lim tizimidagi o‘rni, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati haqida tushunchalar berildi. Bu esa kursantlarda milliy tariximizga hurmat, buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lish mas’uliyati hamda tanlagan kasbiga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti axborot xizmati
