Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir” shiori ostida bayram dasturi tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, kursantlar va qurolli kuchlar xizmatchilari ishtirok etdi.



Bayram dasturi doirasida ishtirokchilar uchun turli interaktiv va sport dasturlari tashkil etilib, ular o‘zaro do‘stona musobaqalarda ishtirok etish hamda madaniy boyliklarni qadrlash imkoniga ega bo‘ldi. Mehmonlar O‘zbekiston milliy taomlari bilan bir qatorda Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston oshxonalarining an’anaviy taomlari bilan tanishdi. Ishtirokchilar milliy dasturxonlarni bezash va taqdim etish orqali ijodiy qobiliyatlarini namoyish etib, mehmonlarga milliy urf-odatlarimizning go‘zalligini ko‘rsatdi.
Shuningdek, tadbir davomida jismoniy chidamlilik va kuchni sinovdan o‘tkazuvchi tosh ko‘tarish musobaqasi tashkil etilib, talabalar va harbiy xizmatchilar o‘z tayyorgarliklarini namoyish etdi. Stol tennisi va arqon tortish o‘yinlari esa do‘stona musobaqalar orqali jamoaviy ruh va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida universitet ansambli milliy musiqiy ijrolar taqdim etib, ishtirokchilarni qo‘shiq va kuylar orqali ruhlantirdi. Shuningdek, magistratura bosqichida tahsil olayotgan tinglovchilarning oila a’zolari uchun alohida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda universitet boshlig‘i birinchi oʻrinbosari ishtirok etib harbiy oilalarni Navro‘z bayrami bilan samimiy qutladi.
