Harbiy xizmatchilarning oilalari o’rtasida millatimizga xos bo’lgan milliy urf-odatlarni targ’ib etish maqsadida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti va uning tarkibidagi institutlar hamda Serjantlar tayorlash oliy maktabi harbiy xizmatchilarning oila a’zolari o’rtasida “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida “Balli ayollar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Mazkur tanlovda harbiy xizmatchilarning oila a’zolaridan iborat jamoalar 5 ta shart asosida o‘zaro bellashdilar. Dastlabki “Biz baxtiyor ayollarmiz” sharti videorolik orqali jamoalarning tanishtiruvi bilan boshlandi. “Qadimgi milliy liboslar – madaniy merosimiz” shartida ishtirokchilar milliy liboslarimiz jozibasi va tarixiy ahamiyatini namoyish etdilar. Shuningdek, “Darts” nayza uloqtirish musobaqasi, “Uddaburonlar” sharti doirasida rangli sharlar orqali guldasta yasash hamda “Bahr-u bayt” sharti orqali ishtirokchilarning zukkoligi, mahorati va ijodkorligi sinovdan o‘tkazildi.





Yakuniy natijalarga ko‘ra faxrli 1-o‘rin Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni Serjantlar tayyorlash oliy maktabi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Harbiy aviatsiya instituti jamoasi egalladi.
Shuningdek, tanlov davomida bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham faol ishtirokchilar taqdirlandi. Jumladan, Eng ahil jamoa nominatsiyasiga Quruqlikdagi qo’shinlar instituti munosib deb topildi. Eng quvnoq jamoa nominatsiyasi g‘olibi esa Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti jamoasi bo‘ldi. Muxlislarni o‘ziga rom qilgan jamoa sifatida Harbiy tibbiyot instituti e’tirof etildi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur ko‘rik-tanlov harbiy oilalar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda ularni keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
