Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida yoshlarni harbiy ta’limga keng jalb etish, ularda Vatanga sadoqat, yuksak mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida Mirzacho‘llik yoshlar ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

 

 

Mazkur tadbir Mirzacho‘l tumani Mudofaa ishlari bo‘limi, Mirzacho‘l tuman hokimligi hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamkorligida o‘tkazildi. Unda oliy harbiy oliy ta’lim muassasasida tahsil olish istagini bildirgan 50 nafar nomzod yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga universitetda yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy o‘quv jarayonlari, innovatsion ta’lim texnologiyalari, mavjud ta’lim yo‘nalishlari hamda qabul tartibi va talablari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy o‘quv va yashash sharoitlari, ijtimoiy himoya mexanizmlari, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimi, harbiy xizmatchilar uchun belgilangan imtiyozlar xususida atroflicha tushuntirishlar berildi.

Uchrashuv jarayonida yoshlarga harbiy kasbning sharafli va mas’uliyatli jihatlari, harbiy xizmatchilarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati, mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ham ma’lumot taqdim etildi.

Shuningdek, tadbir doirasida harbiy texnika va maxsus jihozlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, ishtirokchilar ularning texnik imkoniyatlari va qo‘llanilish tartibi bilan yaqindan tanishdi. Professor-o‘qituvchilar hamda kursantlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida yoshlarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan asosli va batafsil javoblar berildi.

Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti axborot xizmati

nocomments