Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan olis hududlardagi umumta’lim maktablari hamda kasb-hunar texnikumlarida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti professor-o‘qituvchilari hamda kursantlari ishtirokida yoshlarni harbiy ta’limga yo’naltirish bo’yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.


Mazkur uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — bitiruvchi yoshlarni ofitserlik kasbiga qiziqtirish, ularda harbiy xizmatga bo‘lgan hurmat va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashdan iborat. Tadbir davomida yoshlarga Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida yaratilgan sharoitlar, o‘qish jarayoni, imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olish istagini bildirgan nomzodlar orasidan yuksak intellektual salohiyatga, zamonaviy fikrlash va keng dunyoqarashga ega, Vatanimiz manfaatlari hamda suverenitetini fidokorona himoya qilishga tayyor bo‘lgan iqtidorli yoshlarni saralab olish va ularni harbiy ta’limga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va ko‘plab bitiruvchilar harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirdi.
