Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida buyuk mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda buyuk siymo — shoir, sarkarda va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar hamda tinglovchi yoshlar ishtirok etdi.
Dastur doirasida Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, serqirra ijodi, ilm-ma’rifat rivoji, davlat va jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos xizmatlariga bag‘ishlangan mazmunli ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzalarda buyuk allomalarning ma’naviy merosi bugungi kun yoshlarini vatanparvarlik, fidoyilik va yuksak axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalashda muhim manba ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbir davomida buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho adabiy merosdan namunalar — she’r, g‘azal va ruboiylar san’atkorona ruhda, ifodali va ta’sirchan o‘qish orqali namoyish etildi. Har bir badiiy chiqish chuqur falsafiy mazmuni, badiiy yuksakligi va ruhiy ta’siri bilan tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi hamda unutilmas taassurot qoldirdi.
Adabiy o‘qishlar jarayonida sahna ko‘rinishlari, badiiy kompozitsiyalar va ramziy obrazlar orqali Navoiy va Bobur siymosi jonli va ta’sirchan tarzda gavdalantirildi. Sahna chiqishlarida ularning yashagan davri, ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom, Vatanga muhabbat, insonparvarlik va adolat g‘oyalari yorqin ifoda etildi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etganlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
