Ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, zamonaviy bilim va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida Markaziy harbiy okrug fakulteti tomonidan qator muhim hamkorlik memorandumlari imzolandi.


Xususan, Markaziy harbiy okrug fakulteti hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv tomonlar o‘rtasida ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, unda zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘quv jarayoniga keng joriy etish muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Shuningdek, hamkorlik aloqalarini kengaytirish doirasida Markaziy harbiy okrug fakulteti va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati (IT-Park Samarqand hududiy filiali) o‘rtasida ham hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat hududda startap-ekotizimini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yosh mutaxassislarning amaliy bilim va kasbiy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Imzolangan memorandumlar doirasida tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, grantlar hamda boshqa moliyaviy manbalarni jalb etgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, startap-ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Hamkorlik doirasida o‘qituvchilar va murabbiylarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan treninglar, seminarlar hamda amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Loyihalarni samarali amalga oshirish maqsadida tomonlar universitet binolari va mavjud infratuzilmadan birgalikda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, IT-Park tomonidan startap-ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar uchun zarur binolar va maydonlardan foydalanish sharoitlari yaratiladi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro kelishuv asosida boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda ham hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-innovatsion salohiyatni yanada oshirish hamda hududda raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
