2025-yil 14-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ilm-fanni ommalashtirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–61-son, 2025-yil 26-mart) qabul qilindi.

Mazkur Farmonga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bitiruvchi bosqich kursantlari uchun tanlov asosida “Oliy Bosh Qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etildi.

Shuningdek, ushbu stipendiya sohiblari bakalavriat bosqichini tamomlaganidan so‘ng, besh yil davomida oliy harbiy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga imtihonlarsiz qabul qilinish huquqiga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda uning tasarrufidagi institutlarning bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan to‘rt nafar kursanti yuksak intellektual salohiyati, xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan olimpiada, musobaqa va tanlovlarda erishgan yuqori natijalari, o‘quv-tarbiya jarayonidagi a’lo ko‘rsatkichlari, namunali intizomi hamda oqilona tashabbuslari uchun “Oliy Bosh Qo‘mondon” davlat stipendiyasi bilan taqdirlandi.

Oliy Bosh Qomondon” davlat stipendiyasi sohiblari:

1. GOFURJONOV Hosilbek Iqboljon o‘g‘li – Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti kursanti;

2. TOJIYEV Javoxir Farxod o‘g‘li – Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti kursanti;

3. TURSUNOV Avazbek Adxamjon o‘g‘li – Harbiy aviatsiya instituti kursanti;

4. NO‘MONOV Umidjon Farxodjon o‘g‘li – Axborot-kommunikatsiya texnologiyasi va harbiy aloqa instituti kursanti.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni stipendiyasi – bu tasodifiy yutuq emas, balki mehnat, sabr-toqat va fidoyilikning mantiqiy natijasidir. Bunday eʻtirof boʻlajak ofitserlar uchun katta ragʻbat boʻlib, ularni Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga, harbiy burchga masʻuliyat bilan yondashishga, shuningdek, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash yoʻlida sidqidildan xizmat qilishga undaydi.

nocomments