O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Vatanparvarlikni yuksaltirish: ilmiy-nazariy asoslar, milliy an’analar va zamonaviy yondashuv” mavzusida respublika miqyosida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.



Tadbirda universitet boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari general-mayor Farhodjon Shermatov, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktori, professor Baxtiyor Hasanov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Saidov va boshqalar Yangi O‘zbekistonda ma’naviy tiklanish va vatanparvarlik ruhini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijasini berayotganini ta’kidladi.
Ma’ruzachilarning chiqishlarida vatanparvarlikni yuksaltirishda milliy tarixiy merosning ahamiyati, yoshlarda vatanparvarlik hissini mustahkamlashda milliy qadriyat va an’analarning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Jadidlik davrida vatanparvarlikning ma’rifat asosida qayta tiklanishi”, “Harbiy xizmatchi va yoshlarda Vatanga sadoqat, o‘z kasbiga mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashning zamonaviy ko‘rinishlari”, “Zamonaviy tahdidlar sharoitida harbiy xizmatchilarning vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish yo‘llari” mavzusidagi ma’ruzalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Anjuman doirasida “Turon” davlat harbiy teatri jamoasining buyuk ajdodlar vatanparvarligini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishi namoyishi hamda yangi nashrdan chiqqan adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Konferensiya yakunida ma’ruzachilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.

nocomments