O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Mintaqaviylik va barqarorlik: global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi. Ushbu nufuzli anjuman global geosiyosiy vaziyat murakkablashayotgan bir paytda mintaqaviy xavfsizlik me’yorlarini mustahkamlash, global xavf-xatarlar va yangi tahdidlarga qarshi samarali yondashuvlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

 
 
 

Konferensiya ishida 100 dan ortiq tashkilot va davlatlarning vakillari, oliy harbiy ta’lim muassasalari ekspertlari, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim hamda tadqiqot muassasalari vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirning kirish qismida spekerlar mavzu doirasidagi masalalarga jiddiy to‘xtalar ekan, ular tomonidan global miqyosdagi geosiyosiy jarayonlar sharoitida mintaqa davlatlari oldida turgan vazifalar, xavfsizlik tizimida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy barqarorlikning uzoq muddatli istiqbollari atroflicha yoritib berildi. Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari nutqlarda alohida e’tirof etildi. Xususan, 2019-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan qo‘shma ilmiy-amaliy anjumanlar bugungi kunda mintaqaviy xavfsizlikni muhokama qilishning eng muhim platformalaridan biriga aylangani qayd etildi. Tadbir davomida global geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlarning Markaziy Osiyodagi vaziyatga ta’siri, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash mexanizmlarining takomillashuvi, zamonaviy harbiy nizolarning xususiyatlari va ularning oldini olish bo‘yicha xalqaro tajribalar atroflicha muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan global va regional xavfsizlik tizimida xalqaro tashkilotlarning o‘rni, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashda mintaqaviy hamkorlikning dolzarbligi yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi. Konferensiya yakunida ekspertlar doirasida o‘tkazilgan fikr almashinuvi natijalari asosida mintaqada xavfsizlik siyosatini yanada takomillashtirish, yangi ilmiy-amaliy tashabbuslarni ilgari surish, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ishtirokchilar ushbu anjuman Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi hamkorlikning mustahkamlanishiga, dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan pozitsiyalar shakllanishiga katta hissa qo‘shganini e’tirof etdilar.

 

nocomments