Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy tibbiyot inistitutida tibbiyot xodimlari va kasaba uyushmalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vaziri o‘rinbosari, vazirlikning tibbiy ta’minot boshqarmasi vakillari, Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari, faxriylar, harbiy xizmatchilar hamda mehmonlar ishtirok etdi.


Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining samimiy bayram tabrigi Mudofaa vaziri o’rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev tomonidan o‘qib eshittirildi. Mazkur tabrikda harbiy tibbiyot sohasi xodimlari zimmasidagi mas’uliyatli va sharafli vazifani ado etishda namoyon etayotgan fidoiylik, sadoqat va professionallik yuksak qadrlanib, so‘nggi yillarda sohada erishilgan ijobiy o‘zgarishlar alohida ta’kidlandi. Xususan, harbiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanayotgani, gospitallar hamda tibbiyot punktlarining zamonaviy talablarga muvofiq qayta ta’mirlanib, ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanayotgani qayd etildi.


Bayramona ruhda o‘tgan tantanali marosimda bir guruh soha xodimlariga Mudofaa vazirining “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan yuborilgan samimiy tabriklar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda yetkazildi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Harbiy tibbiyot akademiyasining bugungi kunda tibbiyot sohasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanayotganini alohida e’tirof etdi. Tadbir yakunida xushovoz xonandalar o‘zlarining diltortar, qalblarni rom etuvchi kuy-qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga unutilmas lahzalar va bayramona kayfiyat tuhfa etdi.
Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Axborot xizmati
