Mudofaa vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, harbiy ta’lim tizimini zamonaviy talablarga muvofiq takomillashtirish jarayonlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbirda respublika axborot agentliklari, davlat va nodavlat telekanallari vakillari, yetakchi internet nashlarning jurnalistlari hamda faol blogerlar ishtirok etdi.


Press-tur ishtirokchilari dastlab universitetning maketi bilan tanishdilar. Ushbu maket orqali harbiy ta’lim muassasasining umumiy tuzilmasi, o‘quv jarayoni hamda kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida to‘liq tasavvur hosil qilishlari uchun imkoniyat yaratildi. So‘ngra mehmonlar o‘quv-moddiy baza va auditoriyalarda bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan trenajyorlar, laboratoriyalar, ilg‘or asbob-uskunalar va kompyuter texnikalari bilan tanishdilar. Shuningdek, 100 o‘ringa mo‘ljallangan kutubxona, kursantlar oshxonasi, yopiq suv havzasi, sport zallari hamda madaniy hordiq maskanlarida yaratilgan sharoitlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.


Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun turli sport va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Jurnalist va blogerlar PKST-2 trenajyor sinfida lazerli o‘q uzish vositalari yordamida nishonni mo‘ljalga olish bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinab ko‘rdilar. Shundan so‘ng, lazertag harbiy-taktik o‘yinlar xonasida ikki jamoaga bo‘lingan holda shartli dushmanga qarshi jang olib bordilar. Musobaqalarning keyingi bosqichi dala sharoitida o‘tkazilib, unda ishtirokchilar pichoq yordamida nishonni aniq mo‘ljalga olish bo‘yicha bellashdilar. Ushbu mashg‘ulotlar jurnalist va blogerlarning jamoaviy ruhini mustahkamlash, harbiy-amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish hamda milliy armiyamizning zamonaviy tayyorgarlik uslublari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Kunning ikkinchi yarmida press-tur dasturining asosiy qismi — “Rahbar va jurnalistlar” shiori ostidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti boshlig‘ining o‘rinbosari, general-mayor Farxodjon Shermatov ishtirok etib, mehmonlarning turli sohalarga oid savollariga atroflicha javob berdi. Muloqot chog‘ida universitetda olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy o‘quv dasturlari, kursantlarning ijtimoiy hayoti va harbiy-pedagogik faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida universitet rahbariyati ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, yoshlarni harbiy soha va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi. Press-tur yakunida sport musobaqalarida faol ishtirok etgan va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jurnalist hamda blogerlar Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
