

Bugungi kunda jamiyatimizda insonparvarlik va mehr-oqibat kabi ezgu qadriyatlar alohida e’tiborga loyiq. Ana shunday fazilatlarning yaqqol ifodasi bo‘lgan qon topshirish aksiyalari sog‘liqni saqlash tizimi va millionlab insonlar uchun beqiyos ahamiyatga ega.
Harbiy Xavfsizlik va Mudofaa Universitetida mazkur xayriya tadbiri doirasida gematologik, onkogematologik hamda boshqa og‘ir va davolashda murakkab bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemor yoshlar uchun tibbiy yordam ko‘rsatish, shu bilan birga, ushbu kasalliklarning oldini olish va profilaktikasini kuchaytirish maqsadida “Beg‘araz qon donarligi” shiori ostida qon topshirish aksiyasi o‘tkazildi.

Tibbiy-ijtimoiy ko’makka muhtoj bo’lgan, onkologik kasalliklarga chalinganlarni qo’llab-quvvatlashni chuqur anglagan harbiy xizmatchilar ezgu niyat bilan boshlangan aksiyada faol ishtirok etib, o‘zlarining fuqarolik burchiga sadoqatini va yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etdilar.
