Mazkur tadbir 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan o‘tkazilib, tilimizga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtirom, uni asrab-avaylash va rivojlantirish borasidagi ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etdi.

Davra suhbatida Tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari, universitet serjant va ofitserlar tarkibi, shuningdek, Qurolli Kuchlar xizmatchilari faol ishtirok etdi. Ma’ruzachilar til — millatning ruhi, tarixiy xotirasi, ma’naviy asoslari va intellektual salohiyatining asosiy ko‘zgusi ekani, uni e’zozlash esa har bir vatanparvar fuqaroning burchi ekanligini alohida ta’kidlashdi.
Tadbir doirasida “Ommaviy diktant” tanlovi ham o‘tkazildi. Ushbu tanlov ishtirokchilarning imlo, uslubiy savodxonlik va ifoda madaniyati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish, shuningdek, ularda yozma nutq madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan bo‘ldi. Diktant natijalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi tomonidan estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bunday tadbirlar nafaqat ona tilimizning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, balki harbiy xizmatchilar orasida til madaniyatini yuksaltirish, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash tuyg‘ularini chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, til — millatning eng bebaho boyligi, uning tarixiy yodgorligi, madaniy merosi va ma’naviy tayanchidir. Uni sevish, asrash va rivojlantirish esa har birimizning sharafli burchimizdir.
