Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan harbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, ofitser va serjantlar tarkibini zamonaviy talablar asosida tayyorlash hamda harbiy kadrlarning amaliy bilim va malakasini oshirish maqsadida harbiy okruglar qoshida o‘quv fakultetlari tashkil etilgan. Mazkur qarorga muvofiq, barcha harbiy okruglarda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining o‘quv fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u yerda harbiy xizmatchilar uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.

Dastur doirasida tinglovchilar zamonaviy harbiy boshqaruv, ilg‘or qurol-aslaha va texnik vositalardan foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, psixologik tayyorgarlik kabi yo‘nalishlarda chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.Kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan harbiy xizmatchilar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha imtihon topshirib, belgilangan mezonlar asosida baholandi. Tadbir yakunida okrug qo‘shinlari qo‘mondoni hamda ularning o‘rinbosarlari tomonidan ularga malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlik haqidagi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Ushbu tashabbus nafaqat harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyatini yanada oshirish, balki Qurolli Kuchlarimiz saflarida intizom, bilim va mas’uliyat muhitini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, dual tizimida olib borilgan darslar tinglovchilarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirib, ularning kasbiy tayyorgarligiga yanada mustahkam zamin yaratdi.

nocomments