O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida 1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Universitetining fidoyi ustozlari, o‘quvchi yoshlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi. Har bir inson hayotida uning dunyoqarashi, bilim va ma’naviy kamolotida o‘chmas iz qoldiradigan bir siymo bo‘ladi. Bu — Ustozdir. Ajdodlarimizdan qolgan hikmatli so‘zlarda “Ustoz otangdek ulug‘” deya bejiz aytilmagan. Zero, insonni tarbiyalash, unga ilm berish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, hayot sari yo‘naltirish kabi buyuk vazifani o‘z zimmasiga olgan zot — Ustozdir. Har bir yutuq ortida ustozning mehnati, fidoyiligi, sabr-bardoshi mujassamdir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’lim va tarbiya tizimida samarali faoliyat yuritayotgan ustozlarni alohida e’tirof etib, ularning hayotiy tajribasi va mehnatini yuksak qadrlash zarurligini ta’kidladilar. Harbiy xizmat safida ham shogirdlar qalbiga jasorat va matonat urug‘ini sochayotgan murabbiylar safi kengaymoqda. Shunday ekan, ustozlarni qadrlash, ularning fidoyiligini e’tirof etish — barchamizning muqaddas burchimizdir.
Harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar, Vatan va Ustoz madhini tarannum etuvchi kuylar yuraklarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
