Oʻzbekiston oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida “Jadidlar – millat fidoyilari” nomli koʻrik-tanlovning II respublika bosqichi Ichki Ishlar vazirligi akademiyasida boʻlib oʻtdi.

Turkiston jadidlarining Vatan ozodligi yoʻlidagi faoliyatini oʻrganish, ularning gʻoya va maslaklarini, asarlarini targʻib qilish, yosh avlodni ezgu gʻoya atrofida birlashtirish maqsadlarida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tanlovda Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oliy harbiy (xarbiylashtirilgan) taʼlim muassasalari kursantlaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.

Jadidlarning qisqa va qizgʻin hayoti, madaniy merosi haqidagi savol-javob, videorolik namoyishi, sahna koʻrinishi kabi shartlarni bajarishar ekan, kursantlarning maʼrifatparvar bobolar kechmishlarini chuqur oʻrganganligi, yuqori bilim va iqtidori hakamlar hayʼati tomonidan munosib bahosini oldi.
Ularning eʼtiroficha, boʻlgʻusi ofitserlarning jadidlar hayoti va asarlarini chuqur oʻrganishi, bu haqda tafakkur qilib, oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari sari ishonch bilan dadil qadam tashlashi, eng muhimi ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularining yanada mustahkamlanishi tahsin va olqishga munosib.

Yakuniy natijalarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa unversitetining “Maʼrifat” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, diplom va qimmatbaho sovg‘alarga ega bo‘lishdi.

nocomments