Bugun, 1-avgust kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov rasmiy tashrif bilan kelgan Koreya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Li Jong Sup boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvdan so‘ng, Koreya Respublikasi mudofaa vaziri boshchiligidagi harbiy delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi
Dastlab harbiy delegatsiya vakillariga akademiyaning infratuzilmasi, taʼlim jarayonlari va oʻquv moddiy bazalari bilan yaqindan tanishtirib borildi. Yetakchi oliy harbiy taʻlim muassasasida harbiy xizmatchilarning kasbiy professional mahoratini takomillashtirish maqsadida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni mehmonlar alohida eʻtirof etishdi.
Mazkur tashrif davomida ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasida hamkorlikda olib borilayotgan harbiy taʼlim masalalarining joriy holati hamda istiqbollari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida fikr almashildi.
Tashrif davomida, akademiyada yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik obyektlari, shuningdek, akademiya muzeyi Koreya Respublikasi vakillarida katta taassurotlar qoldirdi.