Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida ofitser boʻlishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan oʻgʻlonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizdagi eng nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasa sanalgan Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan bitiruv tadbirida mazkur oliy harbiy taʼlim dargohining va Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi bitiruvchilari saflarga kuzatildi.

Ushbu tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofitserlarni samimiy qutlab, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Shuningdek, ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Yosh leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda bildirilgan yuksak ishonchga munosib faoliyat yuritishga vaʼda berdilar. Bitiruv marosimi turli sahna chiqishlari va konsert dasturlari bilan davom etdi.

nocomments