Milliy armiyamizning intellektual va jangovar salohiyati yildan-yilga oshib borayotganini hech birimiz inkor eta olmaymiz. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan xalqaro olimpiada, sport va jangovar musobaqa bellashuvlarida yurtimiz vakillarining koʻrsatayotgan yuqori natijalari fikrimizga dalil boʻla oladi. Bu kabi xalqaro musobaqalar nafaqat harbiy xizmatchilar oʻrtasida, balki muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan oddiy askarlar va oliy harbiy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan kursantlar oʻrtasida ham muntazam oʻtkazilib kelinmoqda. Quvonarlisi shundaki, vakillarimiz ishtirok etayotgan aksariyat xalqaro musobaqalarda yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilib, madhiyamiz jarang sochyapti.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti, Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari orasidan munosiblarni saralash va joriy yilning iyul oyida yurtimizda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan nufuzli xalqaro musobaqaga puxta tayyorgarlik ishlari boshlandi. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning harbiy bilim yurtlarida tahsil olayotgan kursantlari oʻrtasida har yili “kursantlar oʻyinlari” xalqaro musobaqasi oʻtkazib kelinmoqda. Yurtimiz vakillari ham ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

“Kursantlar oʻyinlari” musobaqasi nizomiga koʻra, ishtirokchilar raqiblari bilan harbiy sport kompleksi koʻpkurashi, harbiylashtirilgan kross, oʻq otish va mini-futbol yoʻnalishlari boʻyicha kuch sinashishadi. Saralash davomida kursantlar shaxsiy yutuqlari evaziga tanlangan boʻlsa, terma jamoa boʻlib shakllangandan keyin ular, albatta, “kursantlar oʻyinlari” xalqaro musobaqasida Vatanimiz shaʼni uchun bellashadi.

nocomments