Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida bitiruvchi kursantlar va harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlari birinchi oʻrinbosarlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda akademiyaning toʻrtinchi bosqich kursantlari va magistiratura bosqichining bitiruvchilari ishtirok etdi.

Tadbirni akademiya boshligʻi polkovnik Bobur Shoyoqubov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Shundan soʻng, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlarining birinchi oʻrinbosarlariga soʻz berildi. Ular bitiruvchilarning savollariga javob berish bilan bir qatorda, hozirda yosh ofitserlarning qoʻshinlarda xizmat faoliyatini boshlagach, boʻysinuvidagi shaxsiy tarkib bilan ishlashdagi kamchiliklari xususida ham toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, boʻlgʻusi ofitserlar oʻz ustida tinimsiz izlanishi, ilm olishi, dunyo tajribasini doimiy ravishda oʻzlashtirib borishlari, qolaversa, doimo sergak va sergʻayrat boʻlishga oʻzida iroda topishlari uchun barcha sharoitlar yetarli ekanligiga urgʻu berildi.

Inson qaysi kasbda boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻz ishini sevmas ekan, yaxshisi sohasini oʻzgartirgani ma’qul ekani ta’kidlandi. Vatanni himoya qilishdek muqaddas sohaga qadam qoʻygan harbiy xizmatchi uchun bundan ortiq saodat yoʻqligini his qilib yashash baxti hammaga ham nasib etmasligi har bir qoʻmondon oʻrinbosarlari tomonidan eʼtirof etildi.

nocomments