Qurolli Kuchlar akademiyasida “Zahiriddin Muhammad Boburning davlatchilik boshqaruvi va harbiy sanʼati” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya oʻtkazildi.

Buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning qudratli davlatchilikni tashkil etishdagi strategik yondashuvlarini oʻrganish, chuqur tahlil qilish orqali barcha harbiy xizmatchilarga ibrat va namuna qilib koʻrsatishga yoʻnaltirilgan xalqaro konferensiyada turli xorijiy mamlakatlarning malakali mutaxassislari internet orqali onlayn muloqot va maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Jumladan, Qirgʻiz Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchisi mayor Amantura Torogeldiyev “Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy yutuqlari va uning XV asr harbiy sanʼatiga qoʻshgan hissasi” toʻgʻrisida, Turon xalqaro universiteti dotsenti tarix fanlari nomzodi dotsent Tohirjon Qozoqov “Arxeon jangining Bobur taqdiridagi oʻrni”, Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Aleksandr Kadirbayev “Boburnoma” – Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy faoliyati haqidagi manba”, Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchisi mayor Muxamadjoni Emomali “Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy strategiyasi” haqidagi maʼruzalari bilan qatnashdi.

Yurtimizning turli oliy harbiy taʼlim muassasalari va oliy oʻquv yurtlaridan yigʻilgan professor-oʻqituvchilarning qiziqarli, hayotiy maʼlumotlarga boy maʼruzalari ishtirokchilar tomonidan qizgʻin qarshi olindi.

Konferensiya yakunida barcha maʼlumotlar umumlashtirilib, taniqli ekspertlarning xulosalari tinglandi.

nocomments