Haqiqiy harbiy xizmatchi nafaqat jismonan kuchli boʻlishi, balki ruhan ham har nafas murakkab vaziyatlarga shay boʻlishi lozim. Bunda ularga poligonlarda oʻtkaziladigan shiddatli mashgʻulotlar, milliy armiyamizning professional ofitserlari beradigan taʼlim muhim sanaladi.

Har yili anʼanaviy tarzda Qurolli Kuchlar akademiyasi oʻquv jarayonlarini taʼminlash bazasida akademiyaning 1-bosqich kursantlari uchun oʻtkaziladigan harbiy texnika va qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi bu yil ham qizgʻin kechdi. Dastlab oʻquv bazada Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi barcha oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari ishtirokida koʻrgazma ochilishi oʻtkazildi. Unda akademiya boshligʻi nutq soʻzlab, 1-bosqichga qabul qilingan barcha oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlarini oʻzlarining oldiga qoʻygan ilk maqsadlariga erishib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi kursanti degan sharafli nomga sazovor boʻlganliklari bilan tabrikladi.

Shundan soʻng kursantlarga togʻ tayyorgarligi, aloqa, muhandislik, kinologiya, razvedka, parashyutni yigʻib-yoyish va boshqa yoʻnalishlarda texnikalardan foydalanishning dastlabki bilimlari oʻrgatildi. 11 ta mutaxassislik boʻyicha tahsil oluvchi Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari dargohning bitiruvchilaridan amaliy javob oldi. Bu orqali oʻquv dargohi bitiruvchilari ham oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini yana bir karra sinovdan oʻtkazdi.

Shuningdek, koʻrgazmada ilk bor ishtirok etgan Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 101-zaif eshituvchilar maxsus maktab-internati oʻquvchilarida ham harbiy texnika bilan tanishuv jarayonlari yorqin taassurot qoldirdi.

– Biz bugun ilk bor haqiqiy harbiy texnikani, qurol-aslahalarni qoʻlimiz bilan ushlab koʻrdik, – deydi Anvar Xolboyev, maktab-internat oʻquvchisi. – Bundan shaxsan men judayam hayajonlandim. Sababi bunday texnika va qurollarni avval faqat kinolarda koʻrardim. Bugun haqiqiy qurollarni qoʻlimda tutar ekanman oʻzimni bir qadar harbiyday his qildim, yuragimda vatanparvarlik tuygʻusi joʻsh urdi.

Bu kabi tadbirlar xalq va armiya bir tanu bir jon shiori ostida amalga oshirilayotgan islohotlarga yana bir amaliy isbot boʻldi desak yanglishmaymiz. Qolaversa, yoshlarda yurtni sevish va qoʻriqlash, xalq farovonligiga befarq boʻlmaslik, matonat va jasorat tuygʻularini oshirishga xizmat qiladi.

nocomments