Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Davlat madhiyasi sadolari ostida davlat bayrogʻi koʻklarda hilpiradi. Tadbirni akademiya boshligʻi polkovnik Bobur Shayakubov ochib berar ekan, eski oʻquv yilida erishilgan yutuq va kamchiliklar, yangi oʻquv yilida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan muhim vazifalar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdi.

Maʻlumki, Mudofaa vazirligida 2022/2023-oʻquv yili “Jangovar batalyon taktik guruhi, divizionlar tayyorgarligi yili” deb belgilandi. Demak, kursantlar oldida sohaviy bilimlarni mukammal egallash, jangovar va maʻnaviy-marifiy bilimlarni yanada puxta oʻzlashtirish masʻuliyati turibdi.

Tadbir davomida oʻtgan oʻquv yili mobaynida yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilar va boʻlinmalar munosib taqdirlandi.

Bayramona oʻtgan tadbir soʻngida barcha kursantlar uchun ochiq darslar tashkil etildi. Shuningdek, poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek va Chilonzor tumanida joylashgan umumtaʼlim maktablarida akademiya professor-oʻqituvchilari ishtirokida “Mustaqillik – eng ulugʻ va eng aziz neʼmat” mavzusida “Mustaqillik darsi” oʻtkazildi.

Dars jarayonida professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquvchilarga Mustaqillik davrida olib borilayotgan islohotlar hamda “ArMI-2022” xalqaro armiya oʻyinlari musobaqasida erishilgan yutuqlar haqida maʼlumotlar berildi.

nocomments