Bugun, 30-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida Harbiy xavfsizlik va Davlat mudofaasi fakulteti tinglovchilarining bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi.

Bitiruv marosimida Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi vakillari, Mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Yozuvchilar uyushmasi Mudofaa vazirligi Faxriylar kengashi vakillari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar bitiruvchi ofitserlarni samimiy qutlab, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilariga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Tantanali marosim yakunida bitiruvchilar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda bildirilgan yuksak ishonchga munosib faoliyat yuritishga vaʼda berdilar. Yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va koʻnikmalar uchun oʻz minnatdorligini izhor qildilar. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari va taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari bayramona tadbirga koʻtarinki ruh baxsh etdi.

nocomments