Milliy armiyamiz safiga ofitser kadrlar tayyorlab berish va ularning kasbiy mahoratini oshirish borasida Qurolli Kuchlar akademiyasi o‘z uslubi hamda amaliyotiga ega oliy harbiy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Qurolli Kuchlar Akademiyasida tahsil olayotgan kuch tuzilmalari ofitserlari va kursantlar uchun milliy ta’lim tizimidan tashqari xorijiy davlatlar armiyalari tajribalarini ham o‘rganish imkoniyati mavjud. Akademiyada tashkil etilgan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Pokiston kabi o‘ndan ortiq xorijiy davlatlar o‘quv sinflari buning yaqqol misolidir. Endilikda shunday sinflarning soni 14 taga yetib, ular qatoriga Italiya o‘quv sinfi ham qo‘shildi.

Italiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna boshchiligidagi delegatsiya o‘quv sinfining ochilish marosimida ishtirok etdi.

O‘quv sinfi ochilishidan so‘ng mudofaa vazirining o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev hamda akademiya boshlig‘i polkovnik Babur Shayakubov elchi Agostino Pinna, Italiya elchixonasining harbiy attashesi polkovnik Stefano Porchedda hamda «Leonardo» mudofaa kompaniyasi vakillarini ta’lim muassasasi faoliyati va yaratilgan sharoitlar, o‘quv sinflari, kutubxona va boshqa qulayliklarni yaqindan tanishtirishdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga ilk bor tashrif buyurganimdan mamnunman. Bu yerda Italiya o‘quv sinfining ochilishi har ikki davlat mudofaa vazirliklari tomonidan olib borilayotgan harbiy va harbiy ta’lim sohasida do‘stona hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Elchixonamiz harbiy attashesi polkovnik Stefano Porchedda hamda «Leonardo» mudofaa kompaniyasining sa’y-harakatlari bilan o‘quv sinfining ochilishiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu borada bizga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. O‘ylaymanki, akademiyada kelgusida ham davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘plab do‘stona tadbirlar tashkil etiladi va ularda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘laman, – dedi Agostino Pinna.

nocomments