Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida “Mustaxkam oila – jamiyat tayanchi” shiori ostida “Namunali harbiy oila” koʻrik tanlovining navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda akademiyada faoliyat yuritayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari oʻzaro bellashdi.

Tanlov nizomiga muvofiq ishtirokchilar “Oilam mening baxtim”, “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi”, “Farzandim – dilbandim” kabi 3 ta shart boʻyicha oʻzaro bahs yuritishdi. Tanlovning har bir sharti hakamlar xayʼati tomonidan baholanib borildi. Tanlov shartlari qiziqarli, mazmunli va bahs-munozaralarga boy boʻldi. Ayniqsa, “Farzandim – dilbandim” shartida harbiy oila farzandlari sport, sanʼat, kitobxonlik hamda innovatsion loyihalar asosida yaratgan ishlanmalari orqali oʻz iqtidorlarini sinovdan oʻtkazgani hakamlar hayʼati hamda tadbir mexmonlariga juda manzur boʻldi.

Shuningdek, “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” nomli shartda oilalar videorolik orqali oʻzlarining baxtli hayotining quvonchli lahzalarini, hayot, baxt va oila tushunchalarini tasvirlab berishi tadbirga koʻtarinkilik bahsh etdi.

Yakuniy natijalarga koʻra uchinchi oʻrinni texnik taʼminot kafedrasidan podpolkovnik Odiljon Qoʻziboyev oilasi, ikkinchi oʻrinni chegara faoliyati kafedrasidan podpolkovnik Sherzodjon Shayaqubov oilasi egalladi. Jismoniy tayyorgarlik va sport kafedrasidan serjant Nurali Ashrapov oilasi tanlovning mutloq gʻolibi boʻldi hamda mazkur tanlovning harbiy okrug miqyosida oʻtkaziladigan navbatdagi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindorlarga akademiya rahbariyati tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

nocomments