Jadid bobolarimizning maʼrifatparvarlik g‘oyalarini o‘rganib, targ‘ib etib borar ekanmiz, millat oydinlari hamisha barhayot yashayveradi. Shu maqsadda Qurolli Kuchlar akademiyasida kuch tuzilmalari o‘rtasida ilk bora tashkil etilgan “Jadidlar — millat fidoyilari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi.
Mudofaa vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Respublika Harbiy prokuraturasi hamkorligida oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari o‘rtasida tashkil qilingan mazkur intellektual tanlovda Qurolli Kuchlar akademiyasining “Maʼrifat”, Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Uyg‘onish”, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasining “Iftixor”, Favqulotda vaziyatlar vazirligi akademiyasining “Qalqon”, Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetining “Yosh jadidlar” hamda Bojxona institutining “Yosh bojxonachilar” jamoalari o‘zaro bellashdi.
Bilimlar bellashuvida jamoalar “Jadidlar ijodiga bir nazar”, “Jadidlar mening tasavvurimda” nomli sahna ko‘rinishi, jadidlar g‘oyalari aks etgan ijtimoiy rolik va tezkor savol-javoblar shartlarida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Taʼkidlash joiz, tanlov qizg‘in va sog‘lom raqobat ruhida o‘tkazildi va har bir shartda jamoalar qay darajada puxta tayyorgarlik ko‘rgani o‘z aksini topdi. Jarayonlar Fanlar Akademiyasi Tarix instituti olimlari, respublika “Maʼrifat” targ‘ibotchilari jamiyati aʼzolari va yana bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat hayʼat aʼzolari tomonidan ochiq va shaffof tarzda baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Uyg‘onish” jamoasi 3-o‘rinni, Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasining “Iftixor” jamoasi 2-o‘rinni va Qurolli Kuchlar akademiyasining “Maʼrifat” jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga tashkilotchilar va hamkorlarning esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Bu kabi tanlovlar maʼrifatparvar bobolarimiz timsolida bo‘lajak ofitserlarning istiqlol g‘oyalariga sadoqat, millatparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.