O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida Harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakultetining “Davlat va harbiy boshqaruvi” va sirtqi ta’limning “Qo‘shinlarning operativ-taktik shtab qo‘mondonligi (motoo‘qchi qo‘shinlari)” mutaxassisliklari bitiruviga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari Bahodir Tashmatov, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Lutfullo Buzrukov, Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘i polkovnik Babur Shayakubov va boshqalar ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilning avgust oyidan boshlab Qurolli Kuchlar akademiyasining “Harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi fakulteti” negizida “Davlat va harbiy boshqaruvi” mutaxassisligi bo‘yicha bir yillik oliy magistratura kurslari tashkil etilgan edi. Bugungi kunga qadar ushbu kurslarni Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyaning strategik boshqaruv bo‘g‘inidagi oliy qo‘mondonlik tarkibiga mansub generallar va ofitserlar tamomladi.
Harbiy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning davomi sifatida 2021-yilning avgust oyidan boshlab akademiyada magistraturaning yangi ta’lim shakli – sirtqi ta’lim o‘z faoliyatini boshladi.
O‘quvlar davomida harbiy boshqaruv sohasining dolzarb fanlari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ularni tashkillashtirish uchun akademiyaning eng tajribali va yetuk professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa milliy ta’lim muassasalarining yetakchi mutaxassislari jalb etildi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar bitiruvchi magistrlarga kelgusi xizmat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Ularga diplom va ko‘krak nishonlari tantanali tarzda topshirildi.