Texnika rivojlangan davrda masofalar ahamiyat kasb etmay qoldi. Dunyoning nariga chekkasidagi tanishingiz bilan sanoqli soniyalarda muloqotga kirisha olasiz. Qisqacha aytganda, olam bir butunga aylandi. Ana shunday bir sharoitda Markaziy Osiyoda joylashgan qo‘shni mamlakatlar hamkorligi ham yil sayin mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida bir guruh Tojikistonlik harbiy pedagoglarning bir oy davomida malaka oshirgani fikrimizning bir dalilidir.

Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining malakasini oshirish markazidagi tahsil mobaynida tinglovchilar harbiy ilmiy tadqiqot asoslari, oliy harbiy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja va ilmiy unvon berish tartibi, harbiy didaktika va ta’lim psixologiyasi, pedagogik mahorat nazariyasi va amaliyoti, harbiy ta’limda innovatsion texnologiyalar va interfaol ta’lim kabi keng qamrovli bilimlarni o‘zlashtirdilar.

144 soatlik o‘quv dasturlari davomida bizga barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Malakali, tajribali professor o‘qituvchilarning ma’ruzalarini tingladik. O‘z o‘rnida harbiy pedagogning notiqlik mahorati, metodik tayyorgarlik asoslari, operativ-taktik fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha ham ko‘nikmalarimizni oshirdik, – deydi Tojikistonlik tinglovchilardan biri podpolkovnik Sobirzoda Rahmonposho Anvarposho.

Kurs yakunida imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi.

nocomments