O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida yosh avlodni Vatan taqdiriga dahldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, o‘quvchi yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish hamda Qurolli Kuchlari akademiyasining faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida joylarda mahorat darslari, davra suhbatlari hamda targ‘ibot ishlari jadal olib borilmoqda.

Jumladan, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Andijon garnizonidagi harbiy qismda akademiyaning Milliy iftixor va harbiy vatanparvarlik kafedrasi katta o‘qituvchilari bilan hamkorlikda “Milliy ruh — yengilmas kuch” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Unda qatnashgan ishtirokchilarning aksariyati suhbat mobaynida kelajakda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida tahsil olishga qiziqish bildirdi.

— Biz harbiy xizmatchilar nafaqat jismonan, balki aqlan, ruhan ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga mas’ulmiz. Shunday ekan, ularni har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalashda bilim va ko‘nikmalarimiz hamda tajribalarimizga tayangan holda bor kuch va g‘ayratimizni safarbar qilamiz, — deydi akademiya katta o‘qituvchisi podpolkovnik Akromjon Shohakimov.

Bu kabi yig‘inlar, ochiq suhbatlar yoshlarning kasb tanlashiga bo‘lgan ishtiyoqini oshiribgina qolmay, o‘ziga bo‘lgan ishonchni-da yuksaltiradi. Zero, ertamiz egalari bo‘lgan kuchli va bilimli yoshlar milliy armiyamizning butlovchilaridir.

Qurolli Kuchlar akademiyasi tomonidan targ‘ibot tadbirlari davom etadi.

nocomments