O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi futbol maydonida kuch tuzilmalari faxriylari o‘rtasida «Mudofaa vaziri kubogi» uchun futbol musobaqasining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Dastlab yashil maydonda «Matonat» (DXX) va «Chegarachi» (DXX Chegara qo‘shinlari) jamoalari musobaqaning 3-o‘rni uchun o‘zaro kuch sinashdi. Final uchrashuvida esa «Posbon» (Ichki ishlar vazirligi) va «Mudofaa-1» (Mudofaa vazirligi) jamoalari orasidan faxrli birinchi va ikkinchi o‘ringa munosiblar aniqlandi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi faxriylari markaziy kengashi raisining maxsus kubogi uchun «Mudofaa+50» va «Sardor+50» jamoalari bellashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligiga bag‘ishlab, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, O‘zbekiston «Veteran» jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqa murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tdi. Ayniqsa, 1-o‘rin uchun kurash qizg‘in kechdi va asosiy vaqtda durang natija qayd etildi. Ammo penaltilar seriyasida «Mudofaa-1» jamoasi bitta gol farqi bilan raqiblari ustidan 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, «Matonat» jamoasi uchinchi, Ichki ishlar vazirligi jamoasi vakillari ikkinchi o‘rinni egalladi. Musobaqaning mutlaq g‘olibi sifatida e’tirof etilgan «Mudofaa-1» jamoasi 1-o‘ringa sazovor bo‘lib, «Mudofaa vaziri kubogi»ni qo‘lga kiritdi. Millionlar o‘yinining g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning medal va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, ishtirokchilar «Eng yaxshi darvozabon», «Eng yaxshi hujumchi», «Eng yaxshi o‘yinchi», «Eng yaxshi himoyachi», «Eng yaxshi yarim himoyachi», «Eng yaxshi murabbiy» kabi nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi. Bir guruh iste’fodagi va rezervdagi ofitserlar «Mudofaa vazirligi faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

nocomments