Mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlarini koʻtarinki va mazmunli oʻtkazish maqsadida haftaning har juma kuni “Ochiq eshiklar kuni” sifatida belgilab qoʻyilgan.

Mazkur vazifa yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Mirobod tumanidagi 31-sonli maktab oʻquvchilarining Qurolli Kuchlar akademiyasiga ekskursiyasi ham ana shunday saʼy-harakatlar sirasiga kiradi.

Ekskursiya davomida oʻquvchi yoshlar akademiya faoliyati, kursantlarning yashashi va bilim olishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar hamda buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodi, harbiy yurishlari aks ettirilgan tematik sinflar bilan yaqindan tanishdi. Milliy armiyamizning kecha va bugunini oʻzida mujassam etgan akademiya muzeyi esa oʻquvchi yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Bundan tashqari, yoshlar jangovar texnikalar hamda oʻqotar qurollar trenajyor komplekslarida boʻlib, amaliy mashgʻulotlarda oʻzlarini sinab koʻrishdi. Jarayonda mutaxassislar ham bevosita ishtirok etib, harbiy texnikalarni boshqarish boʻyicha maktab oʻquvchilariga tegishli maʼlumotlar berishdi.

Kutilmagan voqealarga boy boʻlgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari oʻquvchi yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

nocomments