Qurolli Kuchlar akademiyasida professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan 5 kunlik oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazilmoqda. “Milliy iftixor, burchga sadoqat va jasorat” shiori ostida tashkil etilgan yigʻindan koʻzlangan asosiy maqsad akademiya harbiy pedagoglarining kasbiy tayyorgarligi, pedagogik mahorat va ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Uslubiy yigʻinning samaradorligini oshirish maqsadida mashgʻulotlarga Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining yetakchi uslubchi va muiaxassislari jalb etilgan.

— Dastlab bir-ikki soatlik maʼruzalardan keyin kichik guruhlarga boʻlingan holda, kursant va tinglovchilar bilan individual ishlash, mutaqil tayyorgarlik va konsultatsiyalarni tashkillashtirish metodikalari, “ustoz-shogird” tamoyilini kafedra doirasida qoʻllash uslublarini taʼlimning faollashtiruvchi-innovatsion yondashuvlari asosida oʻrgatilyapti, — deydi podpolkovnik Alimardon Oʻtapoʻlatov. — Yigʻin yakunida ushbu bilimlarni nechogʻli oʻzlashtirilganini aniqlash maqsadida test sinovlari oʻtkaziladi.

Shuningdek, akademiya oʻquv jarayonini taʼminlash bazasi, “Tinchlik yoʻlidagi hamkorlik” dasturi tayyorlash markazi, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻquv-uslubiy taʼminot, texnik va otish tayyorgarligi, til bilish koʻnikmalari boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

nocomments