Buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi jasorati, tarixiy siymosi xalqimiz tarixi madaniyatida, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda shu qadar beqiyoski, uni har qanday moddiy boylik bilan oʻlchab boʻlmaydi. Sulton Jaloliddin koʻrsatgan mardlik namunasi, davlat yuritishdagi odilona va oqilona siyosati asrlar davomida dunyo sivilizatsiyasining merosi sifatida oʻrganilib kelinayotgani bilan asoslash mumkin.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan shu yilning 29-avgust kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasining ochilishi ham bu yoʻlda amalga oshirilgan muhim voqeliklardan biri boʻldi. Majmuaning tantanali ochilish marosimida Sulton Jaloliddining hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish, uni xalq, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish zarurligini taʼkidlagan Prezidentimiz uning tarixiy siymosi qarshisida oʻziga xos hurmat koʻrsatdi. Buning natijasida Jaloliddin Manguberdi koʻrsatgan jasorati va mardlik namunalarini ilmiy jihatdan oʻrganish yangi bosqichga chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida “Vatanning sheryurak bahodiri” mavzusida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham shu yoʻlda qoʻyilgan oshirilgan qadamlardan biridir. Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Mudofaa vazirligi hamkorligida tashkillashtirilgan davra yigʻilishida akademiya kursantlari va shaxsiy tarkibi mashhur sarkardaga aloqador bir-biridan qiziqarli yangi maʼlumotlardan bahramand boʻlishdi. Tadbirda qatnashgan taniqli olimlar va madaniyat xodimlari sarkarda siymosini shu qadar taʼsirli tarzda ifodalab berishdiki, tadbir ishtirokchilari Jaloliddin Manguberdi timsolida oʻzgacha ulugʻvorlikni koʻrgandek boʻlishdi.

“Mendirman oʻsha” sheʼrining muallifi, shoir Botir Ergashev, manguberdishunos tarixchilar Hakim Sattoriy va Jumaboy Rahimov, yosh aktyor Ahror Alijonov (Oʻzbek milliy akademik teatrida sahnalashtirilgan Jaloliddin Manguberdi spektaklida bosh rol ijrochisi), shoira Sayyora Toʻychiyeva kabi ijod ahli talqinida Jaloliddin Manguberdi haqqoniy qiyofasi aks ettirildi. Ayniqsa, taniqli olim “Jaloliddin Manguberdi – mardlik va jasorat namunasi” kitobi muallifi, professor Jumaboy Rahimovning chiqishi barchada unutilmas taassurot qoldirdi. Olim sulton Jaloliddining harbiy notiqlik iqtidorini shu qadar mahorat bilan etdiki, barchaning koʻz oʻngida mardlik va jasoratning haqiqiy timsoli gavdalandi.

Chaqmoqdek qisqa umri mobaynida oʻzbek xalqiga xos boʻlgan Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, yuksak harbiy salohiyatni namoyon etib yashagan Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi. Ishonaman, oradan yillar, asrlar oʻtadi. Sulton Jaloliddin hamisha yurtimizni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylash, unga farzandlik mehri, iymon-etiqod bilan xizmat qilishning oʻchmas timsoli boʻlib qoladi… Boʻlgʻusi ofitserlar ijod ahli talqinida davlatimiz rahbari tomonidan eʼtirof etilgan ushbu soʻzlarning asl haqiqat zkanligini yana bir bor his qilishdi.

Tadbirning ikkinchi qismi Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari va kuy-qoʻshiqlardan iborat badiiy dastur bilan davom ettirildi. Qurolli Kuchlar akademiyasida muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilar sahnada oʻz iqtidorlarini koʻrsatib berishdi.

nocomments