25-sentabrda joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlari uchun tantanali “Vatanga qasamyod” tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Xususan, Qurolli Kuchlar akademiyasida mazkur oliy harbiy taʼlim muassasasining Umumqoʻshin fakultetiga va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasiga yangi qabul qilingan yosh kursantlar “Vatanga qasamyod” qabul qildi.

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Oʻzbekiston Qahramoni, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi raisi Sodiqjon Turdiyev so‘zga chiqib, yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi yoʻlidagi islohotlar haqida toʻxtalib oʻtdi, barchaning oʻqish va keyingi xizmatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Kursantlar davlatimizning muqaddas ramzi boʻlgan bayroqni oʻpib, buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bogʻlab, vijdoni, or-nomus va shaʼnini oʻrtaga qoʻyib, Oʻzbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq boʻlishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi.

nocomments