Butun dunyoni yaxlit bir mexanizmga mengzash mumkin. Qurol-aslaha, texnika qudrati bilan birov boshqani qoʻrqitadigan zamon emas. Bilim kuchi, maʼnaviy immunitet gʻalabada hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi islohotlarni jadallashtirish va yaxlitlashtirishda ayni muddao boʻldi.

Unda milliy armiyamizning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini mustahkamlash, mamlakat mudofaasi va xavfsizligini, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash uchun har qanday dushmanga qarshi kurashishda oʻz jonini ham ayamaydigan, vatanparvar, halol harbiy xizmatchilarni tarbiyalash hamda ularning ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetini shakllantirish asosiy maqsad etib belgilangan. 

Qurolli Kuchlar Akademiyasida ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish konsepsiyasi”ni amalga oshirish boʻyicha Respublika idoralararo komissiya tarkibining tashkiliy masalalar va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishni mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev ochib berdi.

Unda ishtirok etganlar qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda qoʻshinlarning jangovar shayligi hamda tayyorgarligini yaxshilash, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida 2022-2026-yillarda axloqiy-ruhiy tayyorgarlik obyektlarini takomillashtirish hamda zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlash, psixologik ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar sababli, milliy ruhni oʻzida mujassam etgan va jangovar shay Qurolli Kuchlarimiz tobora yangi qiyofa kasb etib borayotgani rost. Mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir, tinchlikni taʼminlash esa qoʻshinlarning yuksak jangovar shayligi va tayyorgarligiga bogʻliqligi esa barchaga ayon haqiqat.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda yigʻilish davomida ryespublika idoralararo komissiyasi rahbariyati tomonidan komissiya aʼzolariga qaror ijrosini amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

nocomments