Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlikda bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Bugun, 10-yanvar kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida keng ko‘lamli harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi. Unda faxriylar, akademiya professor-o‘qituvchilari, shuningdek, 100 nafarga yaqin o‘quvchi yoshlar qamrab olindi.

Tadbirda so‘z olgan faxriylar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar hamda mehmonlarni samimiy tabrikladi. Ular tomonidan 30 yillik tarixiy tajribalar, bu muddat ichida tizimda amalga oshirilgan islohotlar borasida fikr-mulohazalar yuritildi.

Shundan so‘ng Toshkent shahrida joylashgan 89-, 284-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan noan’anaviy konsert dasturi uyushtirildi.

Unda o‘quvchi yoshlar milliy va zamonaviy raqslarni ijro etib, bir-biridan ajoyib sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlarni namoyish qildi. Ko‘zlari yonib turgan o‘g‘il-qizlar tomonidan aytilgan she’rlar, ayniqsa, tadbirga yig‘ilganlarda ajoyib taassurot qoldirdi.
Quvnoq kuy-qo‘shiqlarga boy konsert dasturi barcha uchun esda qolarli yakunlandi. Tadbir tashkilotchilariga akademiya boshlig‘i tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirdan keyin mehmonlar va o‘quvchi yoshlar akademiya faoliyati bilan tanishdi.

nocomments