Bugungi kunda dunyoda yo’l transport hodisasi oqibatida halok bo’lgan insonlar haqida xabarlar kunora ijtimoiy tarmoqlar orqali qulog’imizga chalinib turibdi. Inson hayoti haqida gap ketganda avtohalokat tushunchasi birinchi bo’lib ko’z oldimizga kelishi odatiy holga aylanib bormoqda. Afsuski, tinchlik zamonida bu kabi ko’ngilni g’ash qiladigan xabarlarning ko’payishiga asosiy sabab bu insonlarning yo’l hodisalariga beparvo qarashida.

Ayni kunlarda mamlakatimizda fuqarolar hamda harbiy xizmatchilar orasida Yo‘l harakati xavfsizligiga rioya etilishini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harbiy va shaxsiy avtotransport vositalarini boshqarishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik hamda profilaktik tadbirlarni doimiy ravishda tashkillashtirib borish maqsadida bir qancha tadbirlar bo’lib o’tmoqda.

Xususan, Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar Yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda “Bilimsiz va tajribasiz haydovchi – xavf-xatar manbai” mavzusida profilaktik tadbir bo’lib o’tdi. Unda harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi, Toshkent shahar Yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi, akademiya rahbariyati hamda harbiy ofitserlar ishtirok etdi.

Dastlab tadbirda Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi boshlig’i podpolkovnik Bahodir Annayev so’zga chiqib, harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, ular ishtirokidagi yo‘l transport hodisalarini oldini olish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ma’ruzalarini o‘qib eshittirdi. Harbiy xizmatchilar boshqaruvidagi harbiy va shaxsiy avtotransport vositalarning nazoratini tartibli yo‘lga qo‘yish, shuningdek, IIV YHXX xodimlari bilan yanada hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha fikr mulohazalarni o’rtaga tashladi.

Shuningdek, tadbir davomida fuqarolar hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida yuz bergan avtohalokatlar va ularning ayanchli oqibatlar, statistikalar to’g’risida video taqdimot namoyish etildi, ulardan zarur xulosalar chiqarilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida ushbu muammolarning yechimi yuzasidan harbiy xizmatchilarning fikr va takliflari tinglandi.

nocomments