14-fevral kuni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Qurolli Kuchlar akademiyasida “Buyuk davlat arbobi va harbiy sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning O‘rta asr Sharq ma’daniyati, harbiy san’ati, adabiyoti va she’riyatiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ilmiy-amaliy videokonferensiya tashkil etildi.

Tadbirda ofitserlar, serjantlar, kursantlar va professor-o‘qituvchilar hamda bir qator hamkor tashkilot vakillari ishtirok etdilar. Tadbirni dastlab, Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig‘i polkovnik Babur Shayaqubov ochib berdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari Shodmonqul Salom va Oydin Niso Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.

Shuningdek, Akademiyaning Milliy iftixor va harbiy vatanparvarlik, hamda harbiy xavfsizlik kafedralari o‘qituvchi va dotsentlarining Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy san’atiga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.

Ilmiy-amaliy videokonferensiyaning badiiy qismida “Akademiya kursantlar teatri” jamoasi tomonidan sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan jang “Panipat jangi” uchun qaror qabul qilish jarayoni aks ettirilgan sahna ko‘rinishi, kursantlar tomonidan Bobur ruboiylari, g‘azallari va ular asosida tayyorlangan qo‘shiqlar ijro etildi.

Darhaqiqat, Bobur faqat yirik davlat arbobi va shoirgina bo‘lib qolmay, u buyuk adib, tarixchi, shuningdek jahon harbiy san’tining rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan harbiy strateg olim hisoblanadi. U tomonidan joriy etilgan qo‘shinlarni boshqarish usullari, jang maydonidagi manyovrlar, taktik va strategik harakatlar hozirgi kunga qadar jahonning yetakchi harbiy ta’lim muassasalarida o‘rganib kelinayotganligi barchamizga g‘urur hissini beradi.

nocomments