Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyati, shayligi va qobiliyati davlat harbiy qudratining jamlangan ifodasi boʻlib, moddiy-texnik va axloqiy-ruhiy kabi ikki omilga uzviy bogʻliqdir. Shu nuqtayi nazardan komandirlar, shtablar, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari faoliyatida axloqiy-ruhiy taʼminot Qurolli Kuchlar harbiy (maxsus) harakatlarining alohida taʼminot turi sifatida muhim oʻrin egallaydi.

Qurolli Kuchlar akademiyasining Milliy iftixor va harbiy-vatanparvarlik kafedrasida tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar organi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, ofitser kadrlarni tayyorlash tizimida “Jangning axloqiy-ruhiy taʼminoti” fani tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari uchun mutaxassislik malakaviy talablarida koʻrsatilgan asosiy sifatlardan birini shakllantirishga moʻljallangan fan hisoblanadi. Ushbu fanlarni oʻrgatilishdan asosiy maqsad – turli umumqoʻshin janglari (jangovar harakatlari)ning axloqiy-ruhiy taʼminotini tashkillashtirish boʻyicha zarur nazariy bilimlarni ofitserlarga chuqur singdirish hisoblanadi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Isroil Sobirov tomonidan olib borilgan mahorat darsida turli umumqoʻshin janglari, shuningdek, qoʻshinlar xizmat-jangovar faoliyatining axloqiy-ruhiy taʼminotini tashkil etishning nazariy-metodologik asoslari, maqsad va vazifalari, atroflicha tahlil qilindi.  

Taʼkidlanganidek, harbiy xizmatchi avvalo oʻz burchini chuqur anglay olishi, oʻz qasamyodiga sodiq boʻlishi, qoʻyilgan vazifani yuqori professional darajada bajara olish qobiliyatiga ega boʻlmogʻi lozim.

Tabiiyki, oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyadigan ekstremal holatlarda harbiy xizmatchilar kuchli ruhiy zoʻriqishlarni boshdan kechiradilar, ularning jangdagi gʻalabaga boʻlgan ishonchi esa har qanday manfaatlardan yuqori turadigan harbiy burchni anglab yetishi, oʻzining ruhiyatini barqaror va boshqaruvchanligini taʼminlay olishi bilan belgilanadi.

Mahorat darsi oʻzaro tahlillar, savol-javoblar asnosida kechib, ishtirokchilar oʻzlariga kerakli muhim xulosalarga ega boʻlishdi.

nocomments