Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan umumtaʻlim maktabining 100 nafardan ortiq hamda Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 308-sonli umumtaʻlim maktabining 40 nafar oʻquvchi yoshlari uchun Qurolli Kuchlar akademiyasida “Vatan muqaddas, uni himoya qilish-sharafli burchdir!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Tashrif davomida oʻquvchi yoshlar akademiyada yaratilgan sharoitlar, jumladan, oʻquv jarayonida zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, trenajorlar, modellashtirish va simulyatsiya usullaridan foydalanib kelinayotgan sinf xonalari, axborot-resurs markazi, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi tematik sinflari, kursantlarning yashash sharoitlari hamda Qurolli Kuchlar akademiyasi tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishtirildi.

Shundan soʻng mehmonlar akademiyaning katta majlislar zaliga taklif etilib, “Milliy armiya – matonat va jasorat maktabi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbir davomida milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, Qurolli Kuchlar akademiyasiga kirish tartibi toʻgʻrisida batafsil maʻlumot berib oʻtildi.

Tadbir davomida oʻquvchilarga akademiya harbiy orkestri va muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan musiqiy dastur havola etildi. Soʻngra Qurolli Kuchlar akademiyasi faoliyati aks ettirilgan hujjatli film namoyish etilib,  “Oʻzbekiston Armiyasi” jurnali hamda akademiya faoliyatiga aks ettirilgan bukletlar tarqatildi. 

nocomments