Qurolli Kuchlar Akademiyasida harbiy xizmatchilarning isteʼdod va tafakkurini Vatan istiqboli sari yoʻnaltirish, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlar tushunchasini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida “Maʼnaviyatning mazmun-mohiyati va uning jamiyat taraqqiyotida tutgan oʻrni” mavzusida seminar trening mashgʻuloti oʻtkazildi.

Unda “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzolari, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti professor oʻqituvchilari, shuningdek, akademiya kursantlari, ustoz va murabbiylari ishtirok etishdi.

Mazkur seminarda professor oʻqituvchilar tomonidan Qurolli Kuchlar tizimida maʼnaviyatni takomillashtirish mexanizmlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uygʻunligi, yurtimizda farovon oila instituti va xotin-qizlar ma’naviyatini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida maʼruza qilindi. Shuningdek, kursantlar uchun maxsus videorolik namoyish etilib, u orqali vatanparvarlik tushunchasining asl mohiyati, ularning bir-biri bilan chambarchas bogʻliq ekanligini koʻrsatib berishdi.

– Bugungi seminarimizdan koʻzlangan asosiy maqsadga erishdik deb oʻylayman, – deydi “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi, yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhiddinova. – Buni kursantlarning yuz-koʻzidan anglab olishimiz mumkin. Albatta, maʼnaviyatning mazmun-mohiyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, unda vijdon masalasi birlamchi ahamiyatga ega ekanini koʻrishimiz mumkin. Sababi vijdoni, maʼnaviyati bor insonlargina Vatanni yaxshi koʻra oladi. Bu ikki tushuncha xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.

nocomments